“Akademik harakatchanlik” dasturi tanloviga loyihalar qabuli davom etmoqda

Hurmatli talabalar, magistrantlar va doktorantlar! O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan “Akademik harakatchanlik” dasturi tanlovida ishtirok etish uchun loyihalar qabuli davom etmoqda.

Loyihalar “Akademik harakatchanlik” dasturi maxsus elektron platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.

Ushbu dastur yosh olimlarga ilmiy tashkilot va oliy ta’lim muassasalarining noyob ilmiy obyektlari, zamonaviy ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolaridan tekin foydalanish huquqini beradi. 

Dasturda ishtirok etish uchun qo‘yiladigan shartlar:

  1. Loyiha ijrochisining yoshi ularning ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qat’iy nazar 40 yoshdan oshmasligi;
  2. 1 ta ishtirokchi 1 ta ilmiy loyiha bilan ishtirok etishi;
  3. Topshirilgan ilmiy loyiha summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan oshmasligi;
  4. Dasturni amalga oshirish muddati 1 oydan 6 oygacha bo‘lishi.

Kerakli hujjatlar:

  1. Nomzod faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa yo‘llanma xati;
  2. Ilmiy-tadqiqot loyihasi (loyiha kalendar-rejasi, loyiha xarajatlar smetasi);
  3. Nomzodlarning loyihalari ular faoliyat yuritayotgan muassasalarning ilmiy yoki ilmiy-texnik kengashlari tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim;
  4. Loyihaga nomzodning ma’lumotnoma-obyektivkasi (anketa) ilova qilinadi;
  5. Nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati nomzodning ilmiy rahbari tomonidan tasdiqlanadi;
  6. Qabul qiluvchi tashkilotning rozilik xati Innovatsion rivojlanish agentligi nomiga (tashkilot rasmiy blankida hamda tashkilot birinchi rahbari tomonidan imzolangan bo‘lishi shart);
  7. Ilmiy loyihaning taqdimoti (10 ta slayddan oshmagan bo‘lishi kerak).

Taqdim etilgan ilmiy loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonichliligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha mualliflari shaxsan javobgar hisoblanadi.

Loyihalarning amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat tomonidan to‘liq qoplab beriladi.

Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar Vazirlar Mahkamasining qarori 2021-yil 19-apreldagi 222-son qaroriga ilova “Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi to‘g‘risida Nizom talablariga muvofiq bo‘lishi shart. 

Hujjatlar 2025-yil 1-oktyabrgacha qabul qilinadi. 

Mazkur tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib deb topilgan loyihalar 2026-yil yanvar oyidan boshlab moliyalashtiriladi.

Murojaat uchun telefon: +998996632547