“Ekologik odatlar hayotni o‘zgartiradi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti tomonidan sentyabr-oktyabr oylariga belgilangan “Ekologiya va yoshlar” oyligi doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Ekologik odatlar hayotni o‘zgartiradi” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarda institutning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Aybek Bazarbayev so‘zga chiqib, bugungi kunda talaba-yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish, ularni atrof-muhitni asrashga keng jalb etish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi Kengashi raisi Aydana Abdraxmanova so‘zga chiqib, ekologik odatlarning kundalik hayotdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi. U chiqindilarni saralash, qayta ishlash, energiya va suvdan oqilona foydalanish, daraxt ekish, plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish kabi amaliy odatlar inson hayot sifatini oshirishi va jamiyatda ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qilishini qayd etdi.
Tadbir davomida ekologik mavzularda taqdimotlar, savol-javoblar va talabalarning fikr-mulohazalari tinglandi. Shuningdek, yoshlar tomonidan ekologik targ‘ibotga oid tashabbuslar ilgari surildi.
Yakunda, seminarda ishtirok etganlar ekologik odatlarni kundalik hayotga tatbiq etish va bu borada atrofdagilarga ijobiy namuna bo‘lish zarurligini ta’kidlab o‘tdilar. Faol qatnashgan yoshlarga hurmat yorlig‘i taqdim etildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
