Institut Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 23-sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni institut rektori Alisher Ubbiyev olib bordi.
Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, dastlab Kengash a’zolari tarkibini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng Kengash kotibi Maxsud Yerejepovning tanlov ishlari haqidagi bayonoti ko‘rib chiqildi. Kengash a’zolarining yashirin ovoz berish yo‘li bilan institutning jismoniy tarbiya va sport kafedrasi mudiri lavozimiga Niyazov Asqarbay Tolibayevich, biologiya kafedrasi mudiri lavozimiga Berdibayev Abat Sultamuratovich saylandi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimiga tayinlangan Seytnazarov Quanishbay Kenesbaevich Kengash a’zolariga tanishtirildi.
Tadbirda institut Kengashi ishlarining 2025-2026-o‘quv yili uchun kalendar ish rejasini tasdiqlash, fakultetlar va kafedralarning yangi 2025-2026-o‘quv yiliga tayyorgarligi, institutda ilmiy-innovatsion ishlarning holati va istiqbollari, ilmiy unvonlarga talabgor professor-o‘qituvchilarning hujjatlarini Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etish, shuningdek, joriy masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
NukusDPI matbuot xizmati.
