Nukus davlat pedagogika institutida matbuot anjumani tashkil etildi

Joriy yilning 25-sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026-o‘quv yili uchun qabul jarayoni yakunlari va yangi o‘quv yilida amalga oshiriladigan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida institut rektori Alisher Ubbiyev, barcha prorektorlar, qabul komissiyasining tegishli mas’ullari, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, shuningdek, blogerlar ishtirok etdi.

Tadbirda institut rektori ommaviy axborot vositalari xodimlariga yangi o‘quv yiliga qabul jarayoni yakunlari hamda ilmiy-pedagogik, innovatsion va o‘quv-tarbiyaviy yo‘nalishda amalga oshiriladigan kelgusi rejalar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, 2025-2026-o‘quv yili uchun institutda jami 26 ta kunduzgi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun jami 1660 o‘rin, 13 ta kechki bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun jami 360 o‘rin, shuningdek, 24 ta magistratura mutaxassisligi uchun 171 o‘rin ajratildi.

Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun 8-11-iyul kunlari kasbiy (ijodiy) imtihonlar, 14-22-iyul kunlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test imtihonlari belgilangan talablar asosida yuqori tashkilotchilik bilan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test imtihoni, texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarni, shuningdek, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha talabgorlarni suhbat asosida qabul qilish imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda institutda bakalavriatning kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida jami 13 mingga yaqin talaba, magistratura mutaxassisliklarida 400 dan ortiq magistrant tahsil olmoqda.

Ular uchun institutda jami 7350 o‘ringa mo‘ljallangan 9 ta o‘quv binosi va Ellikqal’a tumanida bitta fakultet, 2393 o‘rinlik talabalar turar joylari, yangi qurib bitkazilgan 300 o‘rinli futbol stadioni, 100 o‘rinli basketbol va voleybol maydoni, sport saroyi va sport majmuasi, 2 ta yopiq sport zali, 2 ta sun’iy qoplamali mini futbol va ochiq sport maydonchalari xizmat ko‘rsatmoqda. Axborot-resurs markazi fondidan 180 mingga yaqin adabiyotlar o‘rin olgan bo‘lib, yangi nomdagi ilmiy va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash ishlari davom ettirilmoqda. Institutda talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash maqsadida biologiya, kimyo va fizika ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv laboratoriyalari, texnologik ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv-ustaxonalari faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim sohasida uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish, shuningdek, xalqaro tajriba asosida o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish maqsadida qabul qilingan «Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida respublikadagi 13 ta pedagogika oliy ta’lim muassasasi, jumladan, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti ham Maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga o‘tkazildi.

Shu asosda institutning yangi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, institutda umumiy fakultetlar va kafedralar maqbullashtirilib, 7 ta fakultet va ular tarkibidagi 26 ta kafedra qayta tashkil etildi. Shuningdek, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor lavozimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Farmonga muvofiq, pedagogik ta’lim sohasining o‘quv dasturlarini xalqaro ta’lim dasturlariga mos ravishda takomillashtirish belgilangan edi. Ushbu vazifalardan kelib chiqib institutda o‘quv reja va o‘quv dasturlari Milliy malaka ramkasi, ta’limning xalqaro standart klassifikatori (MSKO-2011) va xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS) talablari asosida ishlab chiqildi.

Shuningdek, joriy o‘quv yilida institutning 2- va 3-kurs bakalavr ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklarining o‘quv reja va dasturlari «TOP-300»talik reytingdagi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining rejalariga mos qilib ishlab chiqildi. Ular orasida Qozog‘iston Respublikasining Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti, L.N.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti, Rossiya Federatsiyasining Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Qozon federal universiteti va Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti, Turkiyaning Yaqin Sharq texnika universiteti hamda Avstraliyaning Sidney universiteti bor. Bu orqali institutda ta’lim sifatini oshirish va xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bosh maqsad qilib belgilangan.

Ayni paytda institutda 560 dan ortiq tajribali professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, yangi o‘quv yilida ilmiy-innovatsion yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yil yakuniga qadar ilmiy salohiyat ko‘rsatkichini 43,5 foizdan 50 foizga yetkazish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirib borish, xalqaro hamkorlik samaradorligini yanada oshirish, ilmiy-innovatsion ishlarni xalqaro grantlar va jamg‘armalar hisobidan moliyalashtirish uchun aniq maqsadlar belgilangan.

Shu bilan birga, institutda yangi o‘quv yili davomida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ayniqsa, kitobxonlik, intellektual tadbirlar, shuningdek, sport-sog‘lomlashtirish musobaqalarini muntazam tashkil etish orqali yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kelajak egalarini vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javoblar oldi. Shuningdek, yangi o‘quv yili davomida amalga oshiriladigan ishlarni keng jamoatchilikka o‘z vaqtida yetkazib berish borasida hamkorlikni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirdi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.