Aniq fanlar fakultetida O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Aniq fanlar fakultetida O‘zbekiston xalqining eng aziz va qadrlanadigan bayramlaridan biri – 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, fakultet jamoasi hamda talaba-yoshlar ishtirok etib, ustoz va murabbiylarga yuksak hurmat-ehtirom izhor etildi.
Dastur davomida institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Quanishbay Seytnazarov so‘zga chiqib, ustozlik kasbining muqaddasligi, yosh avlodni barkamol shaxs qilib tarbiyalashdagi beqiyos o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, she’rlar, kuy va qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tadbir yakunida ko‘p yillik samarali mehnati, yoshlarni ilm-fan va tarbiyaga yo‘naltirishdagi faoliyati uchun bir qator ustozlar institut rahbariyati hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Mazkur bayram tadbiri ustozlarga bo‘lgan cheksiz hurmat va e’tiborning yaqqol ifodasi bo‘ldi.
