Talaba-yoshlar uchun ilmiy-innovatsion va xalqaro ta’lim imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etish, innovatsion va startap loyihalarini amaliyotga tatbiq etish uchun xalqaro dasturlar hamda grant loyihalari haqida ma’lumotlar berish maqsadida “Kelajak sari: “InnoX” biznes inkubator o‘quv dasturi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi va nomdor davlat stipendiyalari orqali natijaga erishish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Seminarda talabalar ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, xorijda ta’lim olish, ilmiy stajirovkalarda ishtirok etish va startap loyihalarni rivojlantirish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Xususan, “InnoX” biznes inkubator o‘quv dasturi bo‘yicha Nukus yoshlar texnoparki mentori Yerlan Kereyev ishtirokchilarga innovatsion g‘oyalarni shakllantirish va rivojlantirish, startaplarni yaratish bosqichlari, biznes model tuzish va investorlarni jalb qilish haqida, institutning matematika kafedrasi o‘qituvchisi Aydos Qutbayev “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlarda o‘qish, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanish, malakasini oshirish haqida, iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Qahraman Tashanov bilimli va iqtidorli talabalar uchun nomdor davlat stipendiyalari haqida ma’lumotlar berdi.

Seminar davomida talabalarga bunday yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishning afzalliklari tushuntirildi, shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.