NukusDPIda Xitoyning “Yinghua Academy” xalqaro maktabi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli “Yinghua Academy” xalqaro maktabi bosh direktori Lin Xiangyang va ushbu o‘quv yurtining inson resurslari, shuningdek, xalqaro almashinuv va tashqi ishlar bo‘yicha mutaxassisi Zhou Yan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlarni institut rektori Alisher Ubbiyev va prorektorlar, xalqaro hamkorlik bo‘limi mas’ullari kutib oldi.

Tadbirda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim jarayonida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zaro almashish hamda professor-o‘qituvchilar, talabalar uchun xalqaro dasturlar doirasida yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘quv dasturlari, akademik almashinuv, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, xorijiy tillarni o‘qitish metodikasini takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

“Yinghua Academy” vakillari institutdagi ta’lim muhiti va yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, kelgusida o‘zaro tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish niyatini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi.

NukusDPI matbuot xizmati.