Pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi
Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, sohani yagona yondashuv asosida rivojlantirish va xalqaro standartlarga mos ishlab chiqish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti vakillari Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar – universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Farhod Alisherov, transformatsiya ishlari bo‘yicha prorektori Rahmonjon Ahmadjonov O‘zMPUda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari, uning strategiyasi va boshqa pedagogik oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etish imkoniyatlari, ilmiy va innovatsion yo‘nalishdagi umumiy maqsad hamda vazifalar, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni tashkil etishning ahamiyatiga to‘xtalib, kelgusi vazifalar bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuvda institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Muxtar Ibragimov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Quanishbay Seytnazarov hamda Aniq fanlar fakulteti dekanati va kafedra mudirlari davlatimiz rahbarining “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda institutda Aniq fanlar oliy maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yangi xalqaro o‘quv dasturlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, transformatsiya jarayonini samarali boshqarish uchun ishchi guruh tuzish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’limning barcha bosqichlarida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va doimiy tajriba almashishga kelishib oldilar.
NukusDPI matbuot xizmati.