Institutda Xalqaro qizlar kuni keng nishonlandi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 11-oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Dunyoni tinchlik va ezgulikka ilhomlantiramiz!” mavzusida uchrashuv kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilari va mehmonlar dastlab institut xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdi. Iqtidorli talaba-yoshlarning tasviriy san’at va musiqa ijrochiligi bo‘yicha mahoratlariga yuqori baho berdi.
Uchrashuvda institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sayyora Bekchanova so‘zga chiqib, qizlar o‘rtasida ijtimoiy faollikni oshirish, ularni ilm-fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalarida qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, salbiy ijtimoiy illatlardan himoya qilish masalalarining ahamiyatiga to‘xtaldi.
Kechada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, oliy o‘quv yurtlarining xotin-qizlar maslahat kengashlari vakillari qizlarning bugungi jamiyatdagi o‘rni, ularning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishida ta’lim muassasalarining roli haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan olima, doktorant, magistrant va talaba qizlar so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuv kechasida faol talaba qizlar va xotin-qizlar maslahat kengashi a’zolariga tashakkurnomalar topshirildi.
Tadbir iqtidorli qizlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
