Filologiya fakultetida “Ochiq eshiklar kuni” doirasida ota-onalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Filologiya fakultetida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida talaba-yoshlarning ota-onalari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda fakultet dekanati vakillari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi – ota-onalarni farzandlarining ta’lim olishi, ta’lim-tarbiya ishlarining borishi, yashash sharoitlari va fakultetlardagi yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, yoshlar o‘rtasida turli jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuvda fakultet dekani Gulbahar Begmuratova so‘zga chiqib, fakultetdagi ta’lim sifati, o‘quv jarayonini takomillashtirish, talabalarning ilmiy-ijodiy faolligini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, institutda, talabalar turar joylari va ijara uylarida tartib-qoidalarga rioya qilish, ayniqsa, ko‘p qavatli turar joylarda ijarada yashovchi yoshlar o‘rtasida is gazidan zaharlanishning oldini olish, talabalarning xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Ota-onalarning fikr-mulohazalari tinglanib, savollariga batafsil javoblar berildi.

Tadbir yakunida o‘qishda va jamoat ishlarida alohida faollik ko‘rsatib kelayotgan talabalarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.