Tarix fakultetida ota-onalar bilan uchrashuv tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tarix fakultetida talabalarning ota-onalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi – ta’lim jarayonining samaradorligini oshirish, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ota-onalarni yaqindan tanishtirish hamda ularning fikr va takliflarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuvda prorektorlar Quvondiq Qodirov hamda Muxtar Ibragimov, fakultet dekani Maman Saribayev so‘zga chiqib, ota-onalarga o‘quv jarayonining tashkiliy jihatlari, talabalar dars mashg‘ulotlarida ishtiroki, reyting tizimi, ichki intizom qoidalari hamda ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, tadbir davomida talabalar turar joyidagi sharoitlar, yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish, ijara uylarida xavfsizlik masalalari va ijtimoiy himoya choralari yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.

Uchrashuv davomida ota-onalar farzandlarining o‘qish jarayonidagi yutuqlari va muammolari haqida o‘z fikrlarini bildirib, o‘qituvchilar, tyutorlar hamda fakultet rahbariyati bilan ochiq muloqot olib bordilar.

Tadbir yakunida faol yoshlarning ota-onalariga tashakkurnomalar berildi.