Ijara uylarida istiqomat qiluvchi talaba-yoshlar o‘rtasida xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda

Kuz-qish mavsumining boshlanishi munosabati bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ijara uylarida istiqomat qilayotgan talaba-yoshlarning xavfsizligini ta’minlash, turli baxtsiz hodisalarning, xususan, is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Mazkur jarayon doirasida har bir fakultet kesimida maxsus ishchi guruhlar (otryadlar) shakllantirilib, ular tomonidan talabalar istiqomat qilayotgan ijara uylarida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, dudburonlarning tozaligi, isitish moslamalarining to‘g‘ri o‘rnatilgani, yong‘in xavfsizligi vositalarining holati va foydalanish qoidalariga rioya etilishi o‘rganildi. O‘rganish ishlari davomida aniqlangan kamchiliklar maxsus ishchi guruh (otryad) a’zolari tomonidan joyida bartaraf etilmoqda.

Shuningdek, talabalarga is gazidan zaharlanishning oldini olish, yong‘in xavfsizligi va tozalikka rioya etish borasida amaliy ko‘rsatmalar berilib, targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi. Ushbu faoliyatning asosiy maqsadi – yoshlarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish, ularning xavfsiz sharoitda yashashlarini ta’minlashdan iborat.

Institut rahbariyati tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar doimiy nazoratga olingan bo‘lib, kuz-qish mavsumida bunday profilaktik tadbirlar muntazam ravishda davom ettiriladi.

NukusDPI matbuot xizmati.