Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetida “Ochiq eshiklar kuni” doirasida ota-onalar bilan uchrashuv tashkil etildi

Xabaringiz bor, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish maqsadida fakultetlar kesimida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari va ota-onalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetida o‘tkazilgan uchrashuvda ota-onalarga institutda yaratilgan sharoitlar, talabalarning o‘quv jarayoni, ilmiy va ijodiy faoliyati, ularning jamoat ishlaridagi ishtiroki haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida talabalarni turar joy bilan ta’minlash, ijara uylarda yashovchi yoshlar o‘rtasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning borishi, ayniqsa, isitish mavsumida is gazidan zaharlanishining oldini olish borasidagi targ‘ibot ishlari, talabalar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, internet va ijtimoiy tarmoqlardan o‘rinli foydalanish masalalari muhokama qilindi.

“Ochiq eshiklar kuni” doirasidagi bunday uchrashuvlar ota-onalar, talabalar va institut o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

NukusDPI matbuot xizmati.