Italiyaning Ka Foskari universiteti bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Quanishbay Seytnazarov Italiyadagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Venetsiyaning Ka Foskari universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Antonio Markomini bilan uchrashdi.

Uchrashuvda prorektor Quanishbay Seytnazarov institut tarixi, bugungi kundagi ilmiy-innovatsion va xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi faoliyatining natijalari haqida ma’lumot berdi.

Ka Foskari universiteti 150 yillik tarixga ega bo‘lgan Yevropadagi ilg‘or davlat oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib, bu yerda talabalar aniq va gumanitar fanlar, xorijiy tillar, menejment va iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil oladi.

Tadbirda pedagogika va filologiya, ekologiya va barqaror rivojlanish, texnologiyalar va innovatsiyalar, IT sohasida hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Xususan, IT texnologiyalar, dasturlash, ma’lumotlar ilmi (Data Science) bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlarida qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, birgalikda amaliy seminarlar va laboratoriya ishlarini o‘tkazish, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, dasturiy ta’minot, shuningdek, ularni ta’lim va ekologiya sohalarida qo‘llash bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish, texnologik rivojlanish va IT bilan bog‘liq xalqaro grantlarda birgalikda ishtirok etish, loyihalar bo‘yicha ikki oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishlashi mumkin bo‘lgan IT-laboratoriya va innovatsion markaz yaratish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

NukusDPI matbuot xizmati.