O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan respublika anjumani va bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligining 36 yilligi hamda 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Tilshunoslik va lingvodidaktikaning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi va bayram konserti tashkil etildi.

Konferensiyaning ochilish plenar majlisida yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Q.Qodirov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi.

Tadbirda taniqli filolog olimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada institutning qoraqalpoq tili kafedrasi professori A.Pirniyazova, o‘zbek tili kafedrasi dotsenti A.Sultanova, ushbu kafedra doktoranti A.Kamalov o‘zbek tilining jahon tillari orasidagi o‘rni, turkiy tillarni o‘rganish masalalari va tilshunoslikning turli sohalariga oid ma’ruzalarini o‘qib berdi.

Ta’kidlanganidek, bundan 36 yil muqaddam, ya’ni 1989-yil 21-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, respublikamizda 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga bayram tabrigida keltirib o‘tganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini oshirish bo‘yicha yangi bosqich boshlandi.

Xususan, 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Davlat tilining nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Bu borada 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga tatbiq etilmoqda.

Konferensiyada ma’ruzachilar va so‘zga chiqqanlar tomonidan o‘zbek tilining jahon tillari orasidagi nufuzini oshirish, mamlakatimizda davlat tili sifatidagi maqomini, qo‘llanilishini yanada takomillashtirish, filologiya yo‘nalishida yangi yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham fikrlar bildirildi.

Tadbir institutning “To‘maris” xalq ansambli, “Siy perde” va “Tarannum” ansambllari a’zolari, filologiya fakultetining iqtidorli talabalari, shuningdek, hamkor maktab o‘quvchilari ijrosidagi bayram konserti bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.