Xalqaro fan olimpiadasiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasi ko‘rib chiqildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Aniq fanlar fakultetida “Dasturlash tillari” fanidan olimpiadaning fakultet bosqichi o‘tkazilib, unda talabalar dasturlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini sinab ko‘rdi, shuningdek, amaliy va nazariy masalalarni yechishda faollik ko‘rsatdi.

Fan olimpiadasi yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, keyingi respublika bosqichiga yo‘llanma berildi.

Institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Quanishbay Seytnazarov mazkur fan olimpiadasi g‘oliblari va Aniq fanlar fakultetining professor-o‘qituvchilari bilan uchrashib, 2026-yilning mart oyida informatika bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan xalqaro fan olimpiadasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi.

Talaba-yoshlar va ularning ustozlari bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida xalqaro fan olimpiadasi uchun alohida tayyorgarlik olib borish, shuningdek, talabalarning yuqori natijalarga erishishi uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.