Institutda maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun psixologik trening o‘tkazilmoqda

Bugun, 28-oktyabr kunidan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun muhim psixologik qo‘llab-quvvatlash dasturi – ikki kunlik “Muvozanat” mavzusidagi psixologik trening o‘z ishini boshladi.

Mazkur trening O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, tadbirning asosiy maqsadi – tarbiyachilar, pedagoglar va maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlariga ichki muvozanatni saqlash, kasbiy salomatlikni mustahkamlash, shuningdek, bolalar uchun emotsional normal muhitni yaratishga ko‘maklashishdan iborat.

Dasturning asosiy vazifalari maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining emotsional salomatligini tiklash va qo‘llab-quvvatlash, pedagoglarni amaliy texnikalar, o‘zini-o‘zi boshqarish va emotsional qo‘llab-quvvatlash ko‘nikmalariga o‘rgatish, emotsional intellekt va kasbiy motivatsiyani rivojlantirish, ta’lim muhitida emotsional va jismoniy zo‘ravonlik holatlarining oldini olishdan iboratdir.

Ikki kun davomida mutaxassislar zamonaviy psixologik metodikalarni o‘zlashtiradi, amaliy mashg‘ulotlarni bajarib, tajriba almashadi.

Trening ma’ruza modullari va interfaol mashqlarni o‘z ichiga olgani uchun dastur maksimal darajada amaliy hamda foydali hisoblanadi.

Trening 29-oktyabrgacha davom etadi.

NukusDPI matbuot xizmati.