Bitiruvchilar bandligini ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash, ularni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish, mavjud muammolarni tahlil qilish va kelgusi vazifalarni belgilab olish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, shuningdek, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi vakillari, bitiruvchi talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Muxtar Ibragimov bugungi kunda yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish bevosita davlatimiz rahbarining nazoratidagi muhim masalalardan biri ekanligini ta’kidlab, bu borada qabul qilinayotgan qaror va farmonlar haqida ma’lumot berdi.
Alohida ta’kidlash joizki, bu borada Nukus davlat pedagogika institutida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan 2024-2025-o‘quv yilida institutni jami 4369 nafar talaba tamomlagan bo‘lsa, hozirgi kunga qadar shundan qariyb 93 foiz bitiruvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirildi.
Bitiruvchilarning asosiy qismi maktabgacha va umumta’lim muassasalarida, shuningdek, oliy ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalarda xizmat qilmoqda. Boshqa bitiruvchilarning bandligini ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda manzilli ishlar olib borilmoqda.
Institutda bitiruvchilarning ishga joylashishiga ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ro‘yobga chiqarish maqsadida “Karyera markazi” hamda “Kelajakka qadam” markazi tashkil etilgan. “Kelajakka qadam” markazi bilan hamkorlikda o‘tgan o‘quv yilida bitiruvchi talabalarning biznes g‘oyalarini amalga oshirish natijasida jami 59 nafar talabaga 1 milliard 633 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga zamin yaratildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar shunday imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Tadbirda bitiruvchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan tegishli javoblar oldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
