Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Ellikqal’a fakulteti talabalari bilan uchrashdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Quanishbay Seytnazarov Ellikqal’a fakulteti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbir davomida prorektor talabalarga institutda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion g‘oyalar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, startap loyihalarni shakllantirish, ilmiy grantlar tanlovlarida ishtirok etish tartibi hamda ularning afzalliklari haqida tushunchalar berildi.

Uchrashuvda Quanishbay Seytnazarov talabalarni o‘z g‘oyalari asosida innovatsion loyihalar yaratishga, ilmiy faoliyatda faol bo‘lishga va zamonaviy texnologiyalarni tadqiqot jarayonlariga tatbiq etishga da’vat etdi.

Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ilmiy faoliyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirishdi. Prorektor ularning fikrlarini tinglab, foydali maslahatlar berdi va istiqboldagi ilmiy hamkorlik yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi.