Ijara uylarda yashovchi talabalarning xavfsizligini ta’minlash – kunning dolzarb masalasi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida kuz-qish mavsumining boshlanishi bilan ijara uylarda yashovchi talaba-yoshlar o‘rtasida is gazidan zaharlanishining oldini olish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish bo‘yicha profilaktik tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Bugun, 7-noyabr kuni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov rahbarligida fakultet dekanlari va tegishli mas’ullar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda shu yo‘nalishdagi ishlarning borishi, amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, hozirgi vaqtda institutning 2359 nafar talabasi 1477 ta ijara uylarda yashayotgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning yashash uylari maxsus ishchi guruh (otryad)lar tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilib, qozonxona dudburonlari to‘liq tozalandi. Shu bilan birga, isitish uskunalaridan to‘g‘ri foydalanish, dudburonlarni muntazam tozalab turish, gaz uskunalarining texnik holatini tekshirish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda gaz ta’minoti bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi korxona vakillari ham ishtirok etib, isitish va gaz uskunalarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha maxsus uskunalarni o‘rnatish bo‘yicha o‘z maslahat hamda takliflarini bildirdi.
Bunday tadbirlar talaba-yoshlarning yashash sharoitlarini yanada xavfsiz va qulay qilishga xizmat qilishi shubhasiz.
NukusDPI matbuot xizmati.
