Jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirish masalalari muhokama qilindi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida jamiyatimizda dabdabali to‘ylar va boshqa oilaviy marosimlarni ixchamlashtirish, milliy urf-odatlarga mos tarzda o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda shahar va tumanlardagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining yetakchilari, ko‘cha oqsoqollari, faol nuroniylar va xotin-qizlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i T.Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i T.Abdijabbarov so‘zga chiqib, mamlakatimizda milliy an’ana va qadriyatlarimizning ma’no-mazmunini to‘g‘ri targ‘ib qilish masalasi ustuvor ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘nggi yillarda jamiyatda kuzatilayotgan isrofgarchilik, dabdababozlik, shuhratparastlik va me’yorni saqlamaslik kabi salbiy holatlarga chek qo‘yish, to‘y va oilaviy marosimlarda ortiqcha xarajatlarni kamaytirish orqali “maromiylik” madaniyatini keng targ‘ib qilish zarurligi ta’kidlandi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.
NukusDPI matbuot xizmati.
