Kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar o‘rtasida kiberjinoyatlarning oldini olish, internet tarmoqlaridan foydalanishda huquqiy madaniyatni oshirish va axborot xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan targ‘ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi Shuhrat Uzaqbergenov, institut profilaktika inspektori Miyrigul Narimbetova, yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ullar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda internet tarmog‘ida uchrayotgan turli kiberjinoyatlar, ularning jamiyat va odamlar hayotiga salbiy ta’siri haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, yoshlarni bunday jinoyatlarning oldini olishda hushyorlikka, internetdan mas’uliyat bilan foydalanishga chaqirdi.
Tadbir ishtirokchilariga kiberjinoyatlarning eng ko‘p uchrayotgan turlari – ijtimoiy tarmoqlar orqali zararli fayllarni ochish, soxta saytlar orqali firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, kiberbulling, onlayn firibgarlik kabi holatlar haqida amaliy misollar yordamida tanishtirildi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Mazkur uchrashuv yoshlar o‘rtasida kiberxavfsizlikni oshirish, ularni axborot xavfsizligi madaniyatiga o‘rgatishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
