“O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” festivali – millatlararo do‘stlik va hamjihatlik ramzi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy xilma-xillikni yanada mustahkamlash, talabalar o‘rtasida hamjihatlik va bag‘rikenglikni targ‘ib qilish maqsadida, shuningdek, 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida “Biz – bir oila farzandlarimiz” mavzusida millatlararo totuvlik va do‘stlik festivali tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Begdulla Sultanov, respublikamizda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlarning vakillari, poytaxtimizdagi Muhammad al-Beruniy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchilari va tinglovchilari, institut professor-o‘qituvchilari, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov, milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi professori Tajixal Qudaybergenovalar so‘zga chiqib, hozirgi globallashuv davrida millatlararo totuvlik, o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik munosabatlari jamiyatimiz va davlatimizning har tomonlama rivojlanishida muhim ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidladi.
Institutning Pedagogika-psixologiya va ijodiy ta’lim fakulteti tomonidan tashkil etilgan festival mohir chevar, hunarmand hamda sportchi yoshlarning ko‘rgazmasi bilan boshlangan bo‘lsa, “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talaba-yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Bayram ishtirokchilari va yoshlar birgalikda turli millat vakillarining jo‘shqin qo‘shiqlariga raqs-tomoshalar ijro etib, festivalning yuqori saviyada o‘tishiga hissa qo‘shdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, bugungi kunda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 14 mingga yaqin talaba-yoshlar ta’lim olayotgan bo‘lib, ta’lim dargohida qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, ukrain, koreys, qirg‘iz, tojik, ozarbayjon, boshqird, uyg‘ur va tatar kabi umumiy 11 millatga mansub talabalar bir oila farzandlaridek, hamjihatlikda ta’lim olmoqda.
Institutda shu yo‘nalishdagi tadbirlar muntazam o‘tkazilishi belgilangan.
NukusDPI matbuot xizmati.
