Xalqaro logopedlar kuni katta ko‘tarinkilik bilan nishonlandi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetida 14-noyabr – Xalqaro logopedlar kuni munosabati bilan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.

Maktabgacha tarbiya va defektologiya kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda fakultet dekani Muhabbat Allambergenova, kafedra mudiri Jamila Bekmanova, kafedra professor-o‘qituvchilari va kecha mehmonlari talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar logopedlar nafaqat nutqdagi kamchiliklarni bartaraf etadigan mutaxassislar, balki bolaning psixologik holatini qo‘llab-quvvatlaydigan, o‘ziga bo‘lgan ishonchini shakllantiradigan va ta’lim jarayonidagi muvaffaqiyatlarida muhim o‘ringa ega bo‘lgan pedagoglar ekanligini ta’kidladi.

Bayram kechasi doirasida maxsus pedagogika: logopediya ta’lim yo‘nalishi talabalari o‘rtasida innovatsion ta’lim texnologiyalari, kitobxonlikni targ‘ib qilish, shuningdek, o‘qitish jarayonida zamonaviy ko‘rgazmali vositalardan foydalanish kabi shartlar asosida tanlov tashkil etildi. Bu esa talabalarning dars davomidagi nazariy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu bayram bolalar nutqini rivojlantirish, ta’lim va ijtimoiy reabilitatsiya sohasida fidokorona xizmat qilayotgan logoped mutaxassislar mehnatini qadrlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini oshirishga xizmat qiladi.

NukusDPI matbuot xizmati.