17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni

Talabalik davri – inson hayotida alohida voqealar bilan esga olinadigan, abadiy unutilmas o‘ziga xos davr. Maktabni bitirib, hayotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan yoshlar nafaqat bilim olishni, balki hayotning oq-u qorasini ajrata bilishni o‘rganadi. Talabalik davri deganda ma’ruza tinglab o‘tirgan vaqt, oliy ta’lim dargohidagi dastlabki nazorat imtihonlari, yotoqxonada bir burda nonni baham ko‘rib yegan do‘stlar, bayram kechalari, kurs va diplom ishlari kabi ko‘plab voqealar ko‘z oldimizda gavdalanadi.

Bunday qiziqarli davrga yetish – katta baxt. Shunday bo‘lsa-da, abadiy talaba bo‘lish hech kimning peshonasiga yozilmagan. Bu davrlar ham vaqt izmida o‘tib ketadi. Shuning uchun, talabalik yillarini ko‘pchilik odamlar katta sog‘inch, o‘zgacha hayajon bilan eslaydi.

Bugun bu kunni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida nishonlamoqda. Yoshlar bayrami bo‘lganligi uchun bu kun talabalar orasida juda mashhur. Shunday ekan, bugungi bayram barchangizga muborak bo‘lsin! Har bir kuningiz yangi bilim va yorqin xotiralarga boy bo‘lsin! Kelajakda yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘sha oladigan o‘z ishining mutaxassislari bo‘lib yetishishingizga tilakdoshmiz!

NukusDPI matbuot xizmati.