Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri NukusDPI talabalari bilan uchrashdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik Baxtiyar To‘rabekovning talaba-yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda fakultet dekanlari o‘rinbosarlari, tyutorlar, professor-o‘qituvchilar, faol talabalar, shuningdek, ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari, profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.

Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov olib bordi.

Uchrashuvda vazir mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, kelajak egalari bo‘lgan yoshlarimiz o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik va boshqa qonunbuzarlik holatlarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.

Mamlakatimizda ko‘p sonli yoshlarni o‘z ichiga olgan oliy ta’lim tizimining o‘zida ham yoshlar masalasi kunning bosh mavzusiga ko‘tarildi. Ularga o‘qish, bilim olish, kasb-hunar o‘rganib, o‘z ustida ishlashi uchun munosib sharoitlar yaratish, muammolarini o‘rganish va birgalikda yechim topish, yoshlarning ruhiy-psixologik, ijtimoiy holatlarini kuzatib borish maqsadida barcha oliy ta’lim muassasalarida tyutor, psixolog, profilaktika inspektori shtatlari joriy etildi. Ularning faoliyati bevosita talaba-yoshlar bilan ishlashdan iborat bo‘lib, bunday institutlarning amaliyotga tatbiq etilishi bugungi kunda sohada yaxshi samara bermoqda.

Biroq, bugungidek globallashuv va internet zamonida mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni o‘zlarining g‘arazli niyatlari orqali noto‘g‘ri yo‘llarga boshlash, yoshlar ishtirokida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni ko‘paytirish orqali o‘z maqsadlariga erishmoqchi bo‘layotgan kuchlar ham yo‘q emas. Ayniqsa, yoshlarni o‘z ortidan ergashtirib, kiberjinoyat, o‘g‘rilik, firibgarlik, talonchilik, giyohvandlik, turli psixotrop dorilar muomalasi kabi qonunga xilof harakatlarni sodir etishga undayotganlar ham uchrab turibdi.

Yoshlar davlati sifatida yurtimizda ularni bunday yot illatlar va noqonuniy harakatlardan asrash nafaqat ichki ishlar yoki shu kabi xavfsizlik idoralarining, balki yorug‘ kelajakni maqsad qilgan har bir soha vakilining muqaddas burchidir.

Ichki ishlar vaziri yoshlarni profilaktik tadbirlarda faol ishtirok etib, atrofda ro‘y berayotgan turli salbiy va ko‘ngilsiz hodisalarga befarq bo‘lmasdan, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga chaqirdi.

Tadbirda yoshlar ishtirokida sodir etilgan turli jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oqibatlari aks ettirilgan taqdimot yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va vazirga taklif-mulohazalarini bildirdi.

Uchrashuvda Kiberxavfsizlik boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tegishli tushuntirish ishlari olib borildi.

NukusDPI matbuot xizmati.