O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligiga bag‘ishlandi

18-noyabr – “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilingan kuni va ushbu sanaga 34 yil to‘lishi munosabati bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” mavzusida uchrashuv kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbir davlat madhiyalari bilan boshlandi. Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi katta prokurori Rasul Jalg‘asbayev, Adliya vazirligining huquqiy axborot sektori bosh maslahatchisi Muhabbat Xojaxmetova, institutning milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi mudiri Yerkin Tileuov, shuningdek, fakultetlar dekanati vakillari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar va talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuvni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov olib bordi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, bu yil davlat suverenitetining ramzlaridan biri bo‘lgan mustaqil O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 34 yil to‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan davlat bayrog‘i dunyoda mustaqil O‘zbekiston degan davlatning mavjudligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarni mujassam etadi.

Bayroq o‘zida butun O‘zbekiston xalqining azaliy orzu-intilishlari, irodasi, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni aks ettirgan. Davlat bayrog‘ining davlat muassasalari va tashkilotlari, ta’lim muassasalari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardagi elchixona va doimiy vakolatxonalar oldida hilpirab turishi, turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz vakillari ishtirok etayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimiz shon-sharafi, xalqimiz g‘ururini yorqin aks ettirib, ko‘ngillarni to‘lqinlantiradi.

Davlat ramzlari doimo muqaddas va ulug‘ hisoblanadi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan vatan timsolidir.

Uchrashuv kechasida yoshlarimiz o‘rtasida davlatimiz bayrog‘iga bo‘lgan hurmatni yanada oshirishning ahamiyati, davlat ramzlaridan qonuniy ravishda foydalanish qoidalari haqida ma’lumotlar berildi.

Tadbir ishtirokchilar bilan fikr-mulohazalar va savol-javoblar bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.