“Biznes g‘oyadan tayyor loyihagacha” mavzusida seminar-trening tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida talaba-yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish, biznes g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Biznes g‘oyadan tayyor loyihagacha” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bosh mutaxassisi J.Berdimuratov, “O‘zmilliybank” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi mutaxassisi A.Baltabayev, “Biogumus” fermer xo‘jaligi boshlig‘i, tadbirkor Sh.Niyazimbetov, institut registrator ofisi boshlig‘i B.To‘lepov, “Kelajakka qadam” markazi mutaxassisi N.Tanbayev, tadbirkorlikka qiziquvchi talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ayniqsa, ularni tadbirkorlikka qiziqtirish, biznes g‘oyalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish va daromad manbaini yaratish borasida qabul qilingan farmon va qarorlar haqida ma’lumot berdi.

“Kelajakka qadam” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar olish orqali o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan talaba-yoshlarning ishlari tanishtirildi.

Shu bilan birga, tadbir davomida o‘z biznesini boshlash niyatida bo‘lgan yoshlar uchun motivatsion trening o‘tkazildi.

NukusDPI matbuot xizmati.