“Kelajakka qadam” dasturining ahamiyati haqida tushunchalar berildi

Bugun, 21-noyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ayniqsa, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Muxtar Ibragimov, “O‘zmilliybank” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali raisi o‘rinbosari Damir Qalqorazov, “JAK MEBEL” jamiyati raisi Adilbek Saparniyazov, institutning “Kelajakka qadam” markazi mas’ullari “Kelajakka qadam” dasturining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi.

O‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan bitiruvchi kurs talabalari biznes g‘oyani tayyor loyihaga yetkazish jarayonida to‘liq hamkorlik va qulay shartlarda moliyalashtirish, sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish kabi masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.

Shuningdek, tadbir davomida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida imtiyozli kredit mablag‘larini olib, o‘z tadbirkorligini boshlagan yoshlar so‘zga chiqib, amalga oshirayotgan ishlari haqida ma’lumot berdi.

Seminar yakunida faol ishtirok etgan yoshlar rag‘batlantirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.