Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha seminar-trening bo‘lib o‘tdi

Xabaringiz bor, 2026-yilning 15-yanvar kunidan 28-fevralgacha mamlakatimiz bo‘ylab aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi. Bu orqali davlat iqtisodiy siyosatini to‘g‘ri rejalashtirish uchun asosiy ma’lumot manbai shakllantiriladi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan seminar-trening davomida ushbu tadbirning ahamiyati va amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasining yetakchi mutaxassisi Gulayim Smaylova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni va undan kelib chiqadigan vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, census.stat.uz platformasi orqali aholining yoshi, oilaviy ahvoli, ta’lim darajasi, migratsiya, ish bilan bandligi va daromad manbalari to‘g‘risida yagona baza yaratiladi. Qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik ko‘rsatkichlari ham aniqlanadi.
Seminarda ta’lim muassasasida ro‘yxatga olish bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish yuzasidan kelgusi vazifalar belgilab olindi.
NukusDPI matbuot xizmati.
