Xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’lim sohasidagi faolligini oshirishga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida xotin-qizlarning jamiyat hayotida tutgan o‘rni, ta’lim tizimidagi faolligi hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbirda institute rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sayyora Bekchanova, fakultet dekanlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari, professor-o‘qituvchilar, psixologlar va mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.

Muloqot davomida mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’lim sohasida qizlarning bilim olishi, kasbiy rivoji, yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirish va ular uchun xavfsiz, qulay ta’lim muhiti yaratish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, muloqot jarayonida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, oilaviy muammolarni erta oldini olish, psixologik ko‘mak ko‘rsatish tizimini kuchaytirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va mulohazalar mas’ullar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tib, xotin-qizlarning ta’lim va jamiyatdagi faolligini oshirishga xizmat qiluvchi qator muhim tashabbuslarni belgilab olishga imkon yaratdi.

NukusDPI matbuot xizmati.