Qoraqalpoq til ilmini dunyoga tanitgan olim Nikolay Baskakovning 120 yilligiga bag‘ishlandi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qoraqalpoq tilining ilmiy-tadqiqotiga salmoqli hissa qo‘shgan olim, taniqli turkolog, filologiya fanlari doktori, professor, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Nikolay Aleksandrovich Baskakov tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Filologiya fakulteti dekani G.Begmuratova, qoraqalpoq tili kafedrasi professori A.Pirniyazova, dotsent A.Orazimbetov, rus tili va adabiyoti kafedrasi mudiri N.Turabayeva, qozoq va turkman tili va adabiyoti kafedrasi mudiri I.Quttimuratova, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.

Seminarni institutning qoraqalpoq tili kafedrasi mudiri Gauhar Patullayeva kirish so‘zi bilan ochdi.

Tadbirda dotsentlar Q.Bekniyazov, S.Shinnazarova, tayanch doktorant U.Qayipnazarova taniqli turkolog olim N.Baskakovning hayoti, ilmiy-pedagogik va jamoatchilik faoliyati, qoraqalpoq tilining fonetika, morfologiya, so‘z yasalishi, leksika, sintaksis, dialektologiya, leksikografiya kabi sohalarini tadqiq etishga qo‘shgan hissalari haqida ilmiy ma’ruzalar o‘qib berdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar N.Baskakov qoraqalpoq tilini o‘rganish bo‘yicha katta ilmiy maktab yaratganligi, qoraqalpoq tilshunosligi olamida bitmas buloq sifatida e’tirof etilgan ilmiy ishlarini yozib qoldirganligi, zamondoshlari, shogirdlari haqida ma’lumotlar berdi.

Shundan so‘ng Filologiya fakulteti qoraqalpoq tili kafedrasi tomonidan N.A.Baskakovning ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag‘ishlab tashkil etilgan fan kabinetining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar bu yerda mashhur olimning ilmiy ishlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

NukusDPI matbuot xizmati.