“Yangi avlod liderlari” o‘quv kursi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti Filologiya fakulteti yoshlar ittifoqi yetakchisi Qademay Usanovaning tashabbusi bilan talaba-yoshlarning yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Yangi avlod liderlari” o‘quv kursi tashkil etildi.
O‘quv kursi davomida ishtirokchilar zamonaviy yetakchilik konsepsiyalari, kommunikatsiya madaniyati, loyihalarni samarali boshqarish kabi yo‘nalishlar bilan birgalikda davlat stipendiyalari, startap loyihalar, ta’lim grantlari tanlovlarida ishtirok etish, mobilografiya, notiqlik mahorati va sahna madaniyati bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarga ega bo‘ldi.
Mazkur kurs davomida talabalar trenerlar tomonidan o‘tkazilgan interfaol mashg‘ulotlar, amaliy topshiriqlar va jamoaviy loyihalarda faol ishtirok etdi.
Kurs yakunida bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi. Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov ishtirok etdi va o‘quv kursining yoshlarning liderlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni kelajakdagi kasbiy va jamoaviy faoliyatga tayyorlashdagi ahamiyatiga to‘xtalib, talabalarning tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlashini, ulardan amaliy natijalar kutayotganini ta’kidladi.
Mazkur o‘quv kursi talabalarning yetakchilik kompetensiyalarini mustahkamlash, ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
NukusDPI matbuot xizmati.
