Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligiga bag‘ishlangan ommaviy diktant tadbiri o‘tkazildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti va Filologiya fakulteti dekanati tashabbusi bilan 1-dekabr – Qoraqalpoq tili bayrami kuni va qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligiga bag‘ishlab ommaviy diktant tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda institutning barcha fakultetlaridan talaba-yoshlar, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, pedagog va mutaxassis xodimlar – jami 300 ga yaqin odam ishtirok etdi.
Ommaviy diktantni o‘tkazishdan asosiy maqsad institut jamoasi, shu jumladan, yoshlar o‘rtasida qoraqalpoq tiliga hurmat hissini kuchaytirish, savodxonlik madaniyati va qoraqalpoq tilining nufuzini yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.
Diktant jarayonida ishtirokchilar uchun qoraqalpoq tilining jamiyatdagi o‘rni haqida yozilgan matn tanlab olindi. Ishtirokchilar belgilangan vaqt davomida matnni qoraqalpoq tilining imlo qoidalariga muvofiq tarzda yozishga harakat qildi.
Ommaviy diktant yakunlari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan va faol ishtirok etgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan til bayrami kechasida tantanali ravishda taqdirlanadi.
Tadbir qoraqalpoq tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi, tarixiy ahamiyati va bugungi kunda uning qo‘llanilish doirasini kengaytirish borasidagi ishlarni targ‘ib qilishga xizmat qildi.
Yoshlar o‘rtasida qoraqalpoq tiliga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamlashga qaratilgan bunday ma’rifiy tadbirlar kelgusida ham davom etadi.
NukusDPI matbuot xizmati.
