Yoshlar o‘rtasida turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalar salomatligini muhofaza qilish, ular orasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish maqsadida soha mutaxassislari ishtirokida profilaktik uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Yerbol Juzbayev, mutaxassisi Javlonbek Turayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassisi Miyrigul Qaniyazova, institutning yoshlar ta’lim-tarbiyasiga mas’ul mutaxassislari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda soha mutaxassislari is gazidan va ovqatdan zaharlanishning asosiy sabablari, ularning oldini olish choralari bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuv davomida talabalar gaz uskunalaridan foydalanish qoidalari, yopiq xonalarda havo almashinuvining ahamiyati, is gazidan zaharlanish belgilari va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish tartibi bilan tanishtirildi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri tanlash, yaroqlilik muddatiga e’tibor qaratish, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida sanitariya talablariga rioya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

NukusDPI matbuot xizmati.