Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan sanaga bag‘ishlangan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 1-dekabr – Qoraqalpoq tili bayrami kuni va qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligiga bag‘ishlangan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti professori Perdebay Najimov, professorlar Qutlimurat Qoshanov, Gulmurza Qurbaniyazov, Alima Pirniyazova, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Gulistan Dauletova, shuningdek, oliy ta’lim muassasalaridan olimlar, institut professor-o‘qituvchilari, pedagog xodimlari, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.

Bayram kechasini institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov boshqarib bordi.

Tadbirda qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomining berilish tarixi, turkiy tillar tizimida qoraqalpoq tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va bugungi kunda uchrayotgan muammolar, ularni hal qilish uchun oldinda turgan vazifalar, qoraqalpoq tili rivojlanishining huquqiy asoslari, internet tarmoqlarida qoraqalpoq tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.

Ma’ruzalarda qayd etilganidek, hozirgi vaqtda dunyoda olti mingdan ziyod tillar mavjud bo‘lsa-da, ularning atigi 170 dan ortig‘i o‘z davlat tili maqomiga ega. Ular orasida qoraqalpoq tilining ham borligi katta quvonch va iftixordir.

Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning o‘zligini anglashi, mustaqil hayot kechirishi va ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan milliy meroslarimiz, qadriyatlarimizni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazib berishdek oliyjanob ishda tashlangan muhim, tarixiy qadam bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida qoraqalpoq tilining milliy xususiyatlarini saqlab qolgan holda rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish, jahon tillari qatoridagi obro‘-e’tiborini oshirish, kelajak avlodlarga yetkazib berishdek ishlarda sezilarli natijalarga erishildi. Shulardan biri sifatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining qo‘llab-quvvatlashi bilan “Qoraqalpoq tilining izohli lug‘atining VII jildi” nashr etilganligini ta’kidlash joiz.

Tadbir doirasida institutda bayram munosabati bilan bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda faol ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarga faxriy yorliqlar hamda bayram sovg‘alari topshirildi.

Bayram kechasi institutning “To‘maris” xalq ansambli a’zolari, shuningdek, Filologiya fakultetining iqtidorli talabalari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.