Xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga yo‘naltirilgan uchrashuv tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 25-noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish xalqaro kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan 16 kunlik global aksiya doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Hurzada Reyimqulova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi boshlig‘i Sayyora Nasirova, institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sayyora Bekchanova, psixolog Guljamal To‘reniyazova, Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti dekanining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suluxan Paluaniyazova, ushbu fakultet tyutorlari va talaba-qizlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida xotin-qizlar o‘rtasida uchraydigan zo‘ravonlik turlari, uning ijtimoiy oqibatlari, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati va kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar tomonidan huquqiy madaniyatni yuksaltirish, oilaviy munosabatlarda sog‘lom muhitni shakllantirish, nizoli vaziyatlarni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ishtirokchilarga “Himoya orderi”, “Ishonch telefoni”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” kabi tizimlar orqali ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar, muammoli vaziyatlarda murojaat qilish tartibi ham tushuntirildi.

Tadbir davomida talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi. Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan videoroliklar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

NukusDPI matbuot xizmati.