1-dekabr – Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

Bugun yurtimiz bo‘ylab katta bayram – Qoraqalpoq tili kuni keng tarzda nishonlanmoqda.

Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning o‘zligini anglashi, mustaqil hayotda yashashi va ota-bobolardan meros bo‘lib kelayotgan milliy meroslarimiz, qadriyatlarimizni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazib berishdek ulug‘ ishda tashlangan muhim, tarixiy qadam bo‘ldi.

Bundan roppa-rosa 36 yil oldin – 1989-yil 1-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sessiyasida qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunining 1-moddasiga muvofiq, qoraqalpoq va o‘zbek tillari Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat tillari hisoblanadi.

Qoraqalpoq va o‘zbek tillariga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashayotgan millatlar va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdagi konstitutsiyaviy huquqlarini kamsitmaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida barcha fuqarolarga davlat tilini o‘rganish va uning hududida yashovchi millatlar va xalqlarning tillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish hamda bu tillarni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

Mustaqillik yillarida qoraqalpoq tilining milliy xususiyatlarini saqlab qolgan holda rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish, jahon tillari qatoridagi nufuzini oshirish, kelajak avlodlarga yetkazib berishdek ishlarda sezilarli natijalarga erishildi. Shulardan biri sifatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining qo‘llab-quvvatlashi bilan “Qoraqalpoq tilining izohli lug‘atining VII jildi” nashr etilganligini ta’kidlash joiz.

Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi bilan butun xalqimizni tabriklaymiz!

Martabang baland bo‘lsin, ona tilim!

NukusDPI matbuot xizmati.