Yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurash masalasiga bag‘ishlangan targ‘ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Aniq fanlar fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va undan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan targ‘ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda fakultet dekani o‘rinbosari Xalmurat Yesemuratov, institut profilaktika inspektorlari Adilbay Mambetsheripov, Miyrigul Narimbetova, shuningdek, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar respublikamizda giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati, farmonning asosiy yo‘nalishlari va yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish borasidagi ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuv davomida giyohvand moddalarni iste’mol qilishning salbiy oqibatlari, uning shaxs, oila va jamiyatga keltiradigan zararli ta’siri, narkojinoyatlarning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ta’kidlanib, sog‘lom turmush tarzining ahamiyati tushuntirildi.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning boshqa turlarining oldini olish, talabalarning xavfsizligini ta’minlash kabi kunning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Narkojinoyatlar profilaktikasi bo‘yicha tayyorlangan videofilm ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

NukusDPI matbuot xizmati.