Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik harakatlariga barham berish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Filologiya fakultetida 25-noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan 16 kunlik global aksiya doirasida uchrashuv tashkil etildi.
“Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik harakatlariga barham berish uchun birlashaylik” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda Nukus shahar hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Dauletnazarova, Nukus shahar Ichki ishlar boshqarmasining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, podpolkovnik Ayjamal Namenova, institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sayyora Bekchanova, Filologiya fakulteti dekanining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Miyirxan Allaniyazova, psixologlar, tyutorlar va talaba-qizlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy-ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, har qanday zo‘ravonlik harakatlarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning turlari, uning oqibatlari, huquqiy himoya mexanizmlari, shuningdek, 1146 – xotin-qizlar masalalari bo‘yicha ishonch telefoni imkoniyatlari haqida tushunchalar berildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
