Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan “Siz qonunni bilasizmi?” mavzusida tanlov bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan “Siz qonunni bilasizmi?” mavzusida tanlov bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda institutning Tarix fakulteti tarix, shuningdek, milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi ta’lim yo‘nalishlarining 1-kurs talabalaridan tuzilgan jami 7 ta jamoa ishtirok etdi.

Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov ishtirok etib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami bilan tabrikladi va ishtirokchilarga omad tiladi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda talaba-yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, huquqiy savodxon, mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash, insoniyatga yot illatlarga qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, shuningdek, yoshlarning yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha bilimlarini baholash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda “Yosh demokratlar”, “Yosh progresslar”, “Adolat”, “Yustitsiya”, “Femida”, “Demokratlar”, “Turon” jamoalari salomnoma, savol-javob va sahna ko‘rinishi kabi shartlar bo‘yicha o‘zlarining konstitutsiyaviy bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

Jamoalarning har bir shart bo‘yicha sahna chiqishlarini, savollarga bergan javoblarini hakamlar hay’ati a’zolari baholab bordi.

Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Barcha ishtirokchi jamoalarga institut rektorati, kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan diplom va sovg‘alar topshirildi.

Institutda Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.