HALOLLIK – TARAQQIYOT KALITI, KORRUPSIYA ESA UNING KUSHANDASI

Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlari taraqqiyot sari intilar ekan, bu jarayonning asosiy kafolatlaridan biri sifatida halollik tamoyili alohida ahamiyat kasb etmoqda. Halollik – bu nafaqat ma’naviy fazilat, balki davlat boshqaruvi, ta’lim tizimi, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy munosabatlar va jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi rivojlanishning kalitidir. Korrupsiya esa shu rivojlanishga tahdid soluvchi eng xavfli illatlardan biri sanaladi. Korrupsiyaning mavjudligi jamiyatda adolatning izdan chiqishiga, insonlar o‘rtasida ishonchning yo‘qolishiga va halol mehnatning qadrsizlanishiga sabab bo‘ladi.
Korrupsiya birgina pora olish yoki berish bilangina chegaralanmaydi. U jamiyatda quyidagi muammolarni keltirib chiqaradi:
– halol mehnatga bo‘lgan ehtiyojning kamayishi;
– adolat tamoyilining buzilishi;
– yoshlarning kelajak umidi va ishonchini so‘ndirishi;
– iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi;
– ijtimoiy tabaqalanishni kuchaytirishi.
Agar jamiyatda korrupsiya keng yoyilsa, odamlar bilim olish, mehnat qilish orqali emas, balki pora yoki tanish-bilish orqali maqsadga erishishni odat sifatida qabul qila boshlaydi.
TA’LIM TIZIMIDA KORRUPSIYA ENG KATTА XAVF
Ta’lim tizimi – davlatning kelajagini yaratuvchi asosiy maydon. Agar ta’lim muhitida korrupsiya ildiz otgan bo‘lsa, jamiyat o‘zining eng katta boyligi – bilim va intelektual salohiyatini yo‘qotadi. Yuqorida aytilganidek, imtihonda bahoni sotib olish, diplomni pul bilan olish, ilmiy maqolalarni sun’iy ko‘rsatkichlar uchun yozish – bu kelajak avlodni aldagan bilan barobar. Bunday ta’lim natijasida yetishib chiqqan “mutaxassislar” jamiyatga foyda keltirish o‘rniga zarar yetkazadi.
HAYOTIY MISOLLAR VA MUAMMONING KO‘LAMI
– Bir talaba halol mehnat qilib yuqori baholar oladi, lekin pora bilan baho olgan kishi undan yuqori lavozimga ega bo‘lib ketadi.
– Ishga kirishda bilim o‘rniga “aloqa” so‘ralganida iste’dod so‘nadi.
– Sifatli qurilmagan yo‘llar, teng taqsimlanmagan sog‘liqni saqlash xizmatlari – bularning barchasi korrupsiyaning oqibatidir.
Bu misollar o‘z-o‘zidan ko‘rsatadiki, korrupsiya – butun jamiyatni yemiruvchi kuchdir.
Yoshlar jamiyatning eng faol, ilg‘or qatlami hisoblanadi. Aynan ularning ma’naviy qarashlari kelajak taraqqiyotini belgilab beradi. Shuning uchun oliy ta’lim muassasalarida halollik madaniyatini shakllantirish eng muhim vazifalardan biridir.
Talabalarda quyidagi savollar o‘z-o‘zidan tug‘ilishi kerak:
– Men o‘zimning kelajagimni halollik ustiga qurayapmanmi?
– Men bilimga tayanayapmanmi yoki “yoshlik o‘tib ketadi” deb aldanyapmanmi?
– Kelajakda halol mutaxassis bo‘la olamanmi?
– Avvalo, bilimni halol yo‘l bilan egallang. Eng katta kapital – bilimdir.
– Imtihonda pora taklif qilinsa, bunga qat’iy rad javobini bering.
– Huquqingizni biling: halollik – sizning eng katta qurolingiz.
– Ilmiy ishlarda plagiatdan yiroq bo‘ling. G‘oya va mehnat halolligi muhim.
– Tanish–bilish izlamang, imkoniyatni bilim orqali qozoning.
– Vaqtingizni o‘qish, tadqiqot, sport va ijodga sarflang.
– Halol bo‘lgan do‘stlar bilan birgalikda yurish hayotingizni to‘g‘rilaydi.
Unutmang: bugun qilgan har bir halol ishlashingiz ertaga sizning obro‘yingiz, kasbingiz va jamiyatdagi o‘rningizni belgilaydi.
HALOLLIK – TARAQQIYOT KAFOLATI
Halollik bo‘lgan joyda quyidagi ijobiy holatlar yuz beradi:
– davlatga bo‘lgan ishonch ortadi;
– bilimli va malakali kadrlar yetishib chiqadi;
– sarmoya va investitsiyalar kirib keladi;
– xalqning farovonligi oshadi;
– kelajakka ishonch paydo bo‘ladi.
Tarixdan ma’lum: halollik ustiga poydevor qo‘ygan jamiyatlar rivojlangan, korrupsiya avj olgan jamiyatlar esa inqirozga yuz tutgan.
KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI
Korrupsiya bo‘lgan joyda: adolat yo‘q, ishonch yo‘q, taraqqiyot yo‘q. Demak, korrupsiyaga qarshi kurash – davlatning emas, balki har bir insonning vazifasidir.
Ayniqsa, yoshlar bu borada yetakchi bo‘lishlari kerak.
Men o‘zimning kelajagimni faqat halol mehnat bilan tasavvur qilaman. Chunki halollik – eng ulug‘ fazilat. Halol insonning yuzi yorug‘ bo‘ladi, el orasida obro‘si ortadi. Korrupsiya esa insonni ham, jamiyatni ham halokatga yetaklaydi.
Shuning uchun men har qadamimda halollikni tanlayman. Men bilimim va mehnatim bilan yuksalishni istayman. Kelajakda kim bo‘lmay, Vatanga xizmat qilishni, adolat yo‘lidan yurishni maqsad qilganman. Halollik – taraqqiyot kaliti, korrupsiya esa uning kushandasidir.
Dildora Qurbonova,
NukusDPI Ellikqal’a fakulteti dekanining yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.