NukusDPI talabasi Kumisay Qizilbayeva 3000 dollarlik grant g‘olibi bo‘ldi

“Yuksalish” harakati, “Search for Common Ground” xalqaro notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi filiali va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan #Yoshxabardor: “Yoshlar korrupsiyaga qarshi” loyihasi tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida o‘tkazilgan loyihada 16 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, shu jumladan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakulteti biologiya ta’lim yo‘nalishining 3-kurs talabasi Kumisay Qizilbayeva ham ishtirok etdi.
– Loyiha doirasida dastlab Nukus shahrida seminar-trening tashkil etildi. Unda tibbiyot va ta’lim sohalarida, ishga kirishda qanday harakatlar korrupsion holat ekanligi, bularning oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Trening ishtirokchilari shundan so‘ng olgan bilimlari asosida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid kichik loyihalarni ishlab chiqib, taqdimot qildi, – deydi Kumisay.
Muhimi, institutimiz talabasi Kumisay Qizilbayevaning jamoasi sog‘liqni saqlash tizimida shaffoflikni ta’minlash va dori-darmonlarni adolatli taqsimlashni nazorat qilish bo‘yicha ishlab chiqqan “Shaffoflik va adolat” loyihasi g‘olib deb topildi va tashkilotchilar tomonidan 3000 AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘i bilan taqdirlandi.
NukusDPI matbuot xizmati.

