NukusDPIda yashil iqtisodiyot va ekologik ta’lim masalalariga bag‘ishlangan respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakultetida “Yashil iqtisodiyot va ekologik ta’lim: ilmiy-pedagogik yondashuvlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya yashil iqtisodiyot tamoyillarini ta’lim tizimiga tatbiq etish, ekologik madaniyatni shakllantirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ilmiy-pedagogik yondashuvlarning o‘rni hamda ahamiyatini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Tadbirda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, olimlar, doktorantlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Konferensiya davomida yashil iqtisodiyotning zamonaviy yo‘nalishlari, ekologik ta’limni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, resurslardan oqilona foydalanish, ta’lim jarayonida ekologik bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan ilg‘or tajribalar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlashda innovatsion ta’lim texnologiyalari va fanlararo yondashuvlarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar asosida ekologik ta’lim sifatini oshirish, yashil iqtisodiyot g‘oyalarini pedagogik jarayonlarga keng tatbiq etish bo‘yicha muhim xulosalar va amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Konferensiya yakunida ta’lim va ilm-fan sohasida ekologik mas’uliyatni kuchaytirish, yoshlar ongida tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish va yashil iqtisodiyot tamoyillarini targ‘ib qilish muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
NukusDPI matbuot xizmati.
