“Kelajakka qadam” dasturi doirasida tegishli mutaxassislar ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va biznes g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida seminar-trening tashkil etildi.
Seminarda “AYLIN”, “KAYPANOV DEVELOPMENT”, “MULTI BREND PRO”, “OSMO LIGHTING” kompaniyalari asoschisi, taniqli tadbirkor Azamat Qaypanov, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha filiali mutaxassisi Klara Sharipova, Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining yosh tadbirkorlar bilan ishlovchi bosh mutaxassisi Azada Mang‘itbayeva, shuningdek, tegishli mutasaddilar, institutning bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etdi.
Tadbir davomida yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, startap va biznes loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari, imtiyozli kreditlar, grantlar va amaliy qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, talabalar tomonidan ilgari surilgan biznes g‘oyalar mutaxassislar tomonidan muhokama qilinib, ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi. Seminar-trening savol-javoblar bilan davom etdi.
Tadbir bitiruvchi kurs talabalari uchun kelajakda o‘z bizneslarini boshlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish orqali bandligini ta’minlash va o‘z daromadiga ega bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
