Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda yoshlar ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha mas’ullar va talabalar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yoshlar o‘rtasida yo‘l harakati madaniyatini yuksaltirish va har bir fuqaroning yo‘l harakati qoidalariga mas’uliyat bilan yondashishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan uchrashuvni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov olib bordi.
Uchrashuv davomida boshqarma bo‘lim boshlig‘i Islam Uzaqbergenov hamda axborot guruhi inspektori Timur Qurbanbayev tomonidan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishning ahamiyati, piyodalar va transport boshqaruvchilarining huquq va majburiyatlari, jamoat va xususiy transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, spirtli ichimlik ta’sirida mast holda transport boshqarish, tezlikni me’yoridan oshirish, xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik, yo‘l belgilariga e’tiborsizlik bilan qarash kabi qoidabuzarliklar og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aniq misollar orqali ko‘rsatib berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan batafsil javob oldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
