Yoshlar – diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar o‘rtasida diniy ekstremizm va terrorizm g‘oyalarining oldini olish, ularning ayanchli oqibatlari haqida tushunchalarni kengaytirish maqsadida “Yoshlar – diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mas’ul xodimi Nurabulla Minajov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasining mutaxassisi Jo‘rabek Isayev, rektor maslahatchisi G‘ulomjon Ibadullaev, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga mas’ullar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov olib bordi.

Uchrashuv davomida mutaxassislar tomonidan diniy ekstremizm va terrorizmning vujudga kelish sabablari, ularning jamiyat va yoshlar ongiga salbiy ta’siri, shuningdek, bunday g‘oyalarga qarshi kurashda hushyorlik va mafkuraviy immunitetni mustahkamlashning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shunday harakatlarga bilib-bilmay qo‘shilgan yoshlarning ayanchli taqdiri aks etgan videorolik ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Uchrashuv yoshlar ongida ekstremistik va radikal g‘oyalarga qarshi qat’iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

NukusDPI matbuot xizmati.