NukusDPI jamoasi matematika bo‘yicha “BIMO-2026” xalqaro fan olimpiadasida yuqori natijani qo‘lga kiritdi

Buxoro shahrida matematika bo‘yicha “Bukhara International Mathematics Olympiad (BIMO-2026)” xalqaro fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Buxoro davlat universitetida tashkil etilgan ushbu xalqaro tadbirda Rossiya, Turkmaniston, Iordaniya, Pokiston, Ozarbayjon, Hindiston, Xitoy, Tojikiston kabi 10 dan ortiq davlatlardan, shuningdek, respublikamizdagi 50 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan vakillar ishtirok etdi.
Xalqaro fan olimpiadasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Aniq fanlar fakulteti matematika kafedrasi katta o‘qituvchisi, fizika-matematika fanlari nomzodi Azamat Xojaniyazov hamda shu kafedra assistent-o‘qituvchisi, fizika-matematika fanlari nomzodi Aydos Qutbayev boshchiligidagi jamoa a’zolari ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.
Xususan, 4-kurs talabalari Bahram Allakuatov va Ismetulla Naurizbayev, shuningdek, 3-kurs talabasi Javohir Avezov faxrli 3-o‘rinni egallab, xalqaro fan olimpiadasining bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-kurs talabasi Sayipbek Nuratdinov faol ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlandi.
Eng muhimi, jamoaviy tur bo‘yicha institutimiz jamoasi yuqori ko‘rsatkichlarga erishib, ikkinchi darajali diplom va kubok bilan taqdirlandi.
Institut jamoasi nomidan matematika bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasida yuqori natijalarga erishgan jamoamiz a’zolarini chin dildan tabriklaymiz!
NukusDPI matbuot xizmati.
