Yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish – ustuvor masala

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tarix fakultetida yoshlarda mustahkam va sog‘lom e’tiqodni shakllantirish, ularni axborot xurujlari, yot illatlar va salbiy ta’sirlardan himoya qilish, milliy qadriyatlarga hurmat hissini oshirish maqsadida talaba-yoshlar ishtirokida seminar tashkil etildi.

Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Nukus shahar bo‘limi hamda boshqa tashkilotlardan mas’ullar ishtirok etdi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ma’lumot berdi.

Yoshlar ma’naviy olamida bo‘shliq yuzaga kelmasligi uchun ularning ongi va qalbida ijobiy dunyoqarash, vatanga muhabbat tuyg‘usini shakllantirish, zamonaviy tahdidlarga qarshi tura oladigan ma’naviy immunitetni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Seminar yakunida talaba-yoshlarni hushyorlikka chaqiruvchi videorolik ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.