NukusDPI akademik litseyi o‘quvchisi Jasmina Allabayeva “Yilning eng faol o‘quvchisi” respublika tanlovida 2-o‘rinni egalladi

Buxoro shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng faol o‘quvchisi” tanlovining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda tanlovning saralash bosqichlarida hujjatlari eng yuqori baholangan 25 nafar ishtirokchi jami 5 ta nominatsiya bo‘yicha, o‘z yo‘nalishlaridan kelib chiqib taqdimot qildi va ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi savollarga javob berishga harakat qildi.

Quvonarlisi, ular orasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti xorijiy tillar yo‘nalishi 2-bosqich o‘quvchisi Jasmina Allabayeva “Yilning eng iqtidorli o‘quvchisi” nominatsiyasi bo‘yicha faxrli 2-o‘rinni egalladi.

G‘olib va sovrindorlar vazirlik tomonidan diplom, statuetka va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun, Jasmina Allabayeva asosiy fanlar olimpiadasining uchinchi bosqichida qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan 3-o‘rinni egallagan, shuningdek, boshqa ko‘plab respublika tanlovlarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan umidli yoshlardan biri. U ingliz tili, qoraqalpoq tili va adabiyoti, shuningdek, tarix fanlaridan sertifikatga ega. Bir nechta ilmiy maqolalari respublika va xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan.

NukusDPI matbuot xizmati.